O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XI-bobida fuqarolarning burchlari to‘g‘risida yozib qo‘yilgan bo‘lib, 69-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashlari shart etib belgilangan.
Ma’lumki, soliq qonunchiligida soliqqa tortish maqsadida soliq to‘lovchilar ikkiga bo‘lingan, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslarga. Jismoniy shaxslarga- yuridik shaxs maqomini olmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kiradi. Jismoniy shaxslar to‘layotgan soliqlar ichida byudjet tushumlaridan salmoqli o‘rinni egallaydigan soliq bu – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idir. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – davlat byudjeti daromad manbalaridan biri bo‘lib, u umumdavlat soliqlari tarkibiga kiradi. Uning o‘ziga xos xususiyati shundaki, soliq jismoniy shaxslarning bevosita daromadlaridan olinadi.
Mamlakatimizda aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarga qulaylik yaratish hamda ularning vaqti va ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 noyabrdagi 601-sonli qaroriga 1-ilovasi bilan “Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga imtiyoz qo‘llash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.
Mazkur reglamentga asosan ariza beruvchilar - davlat xizmatidan foydalanish maqsadida daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz qo‘llash uchun murojaat qiluvchi jismoniy shaxslardir. Ma’lumotnomani taqdim etuvchi vakolatli organ esa soliq organlari hisoblanadi. Ariza beruvchilar imtiyozni olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali murojaat etadilar.
1.Soliq to‘lovchining yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari bo‘yicha so‘rovnomaga ilova qilinadigan xujjatlar qo‘yidagilardan iborat.
1.1. O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, shuningdek, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lovini olish uchun - soliq deklaratsiyasi, talaba bilan O‘zbekiston Respublikasi professional va oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida to‘lov asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi, tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma nusxasi (mavjud bo‘lganda), mablag‘lar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinadi.
1.2. Farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar uchun - soliq deklaratsiyasi, ariza beruvchi bilan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar o‘rtasida to‘lov asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi, mablag‘lar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
1.3. Soliq bazasining 50 foizidan oshmagan holda, metsenatlik ko‘magini ko‘rsatish uchun - soliq deklaratsiyasi, mablag‘lar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
1.4. Olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni soliq davri davomida jami mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining sakson baravarigacha bo‘lgan miqdorda qoplashga, basharti uy-joy fondining ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti bo‘yicha - soliq deklaratsiyasi, ipoteka kredit shartnomasi, mablag‘lar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
1.5.Fuqarolarning Xalq bankidagi ixtiyoriy ravishda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga, soliq deklaratsiyasi, mablag‘lar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
2.Soliq to‘lovchining soliq davri davomida quyidagilarni to‘lash uchun yo‘naltiriladigan, bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravarigacha bo‘lgan miqdordagi ish haqi summalari va boshqa daromadlari bo‘yicha so‘rovnomaga ilova qilinadigan xujjatlar qo‘yidagilardan iborat.
2.1. alqaro tashkilotlarga a’zolik badallarini, tegishli xalqaro tashkilot a’zosi sifatida - soliq deklaratsiyasi, mablag‘lar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
2.2. Qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga to‘lovlar - oliq deklaratsiyasi, nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan qayta tayyorlash va malaka oshirish kursni tugatganlik to‘g‘risida berilgan hujjat, mablag‘lar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi taqdim etilishi belgilangan.
Vakolatli organ ariza beruchining daromadlari bo‘yicha soliq deklaratsiyalarini mustaqil ravishda oladi. So‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi hamda uni ko‘rib chiqqanlik uchun to‘lov undirilmaydi. Vakolatli organ 5 ish kuni ichida murojaatni ko‘rib chiqib, unga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz qo‘llanilgan yoki qo‘llanilmaganligi haqida QR-kod qo‘yilgan xabarnomani YaIDXP orqali yuboradi. So‘rovnomaga imtiyoz qo‘llanilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi g‘aznachilik xizmati qo‘mitasi 15 kun ichida to‘lovlarni amalga oshiradi.
Qo‘yidagi hollarda jismoniy shaxsga nisbatan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash rad etiladi, qalbaki hujjatlar taqdim etilganligi aniqlanganda, daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz avval qo‘llanilganda, Davlat xizmatini ko‘rsatishni boshqa sabablarga ko‘ra rad etish taqiqlanadi, Davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada rad etishning aniq sabablari va qonunchilik normalari ko‘rsatilishi kerak.
Ariza beruvchi tomonidan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda, arizadagi ma’lumotlar noto‘g‘ri ko‘rsatilganda yoki to‘liq ko‘rsatilmaganda, vakolatli organ ikki ish kunida ariza beruvchiga kamchiliklarni to‘liq ko‘rsatgan holda, xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun kamida besh ish kunidan iborat muddat (imkoniyat) beradi. Kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risidagi xabarnoma vakolatli organ tomonidan YaIDXP orqali shu kunning o‘zida elektron shaklda ariza beruvchiga yuboriladi. Ma’muriy ish yuritish muddati xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida to‘xtatib turiladi. Vakolatli organ o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida ariza beruvchilar haqida olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlashi lozim.
Oltinsoy tumani Adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i I.Ibragimov.
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025