Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Odam savdosi-davr muammosi
Qonunlar / 2024-04-26

Bugungi kunga kelib davrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy va ko'p tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro hujjatlari qabul qilingan bo'lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi jaxon miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o'g'irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste'mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to'lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og'dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o'xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a'zolari yoki to'qimalarini ajratib olishni anglatadi.
Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to'g'risida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a'zo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo'ljallangan dasturi" qabul qilingan edi.
Shunga qaramay, har yili millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli.
Ma'lumotlarga ko'ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo'yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo'li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Bu jinoyatning asosiy sababi ma'naviy qashshoqlik, ochko'zlik, dunyoga haddan tashqari hirs qo'yish va nafsiga qul bo'lishdir. Bugungi kunda insonlar qul qilib sotayotgan ba'zi kimsalar insonlarni hur qilib yaratgan Alloh taolo bilan Xudolikni talashmoqda. Islom dini ko'rsatmalarida ham insonning jonzotlar ichida eng mukarrami ekani ta'kidlanib, qullikka qarshi qat'iy choralar belgilab qo'yilgan.
Alloh taolo insoniyatga o'zining so'nggi dini Islomni yuborganda quldorlik tuzumi mavjud bir voqe'lik edi. Islom dini insonni hur yaratilganligini ta'kidlab, uni tugatish choralarini ko'rdi. Qul ozod qilishni savob darajasiga ko'tardi, buning ustiga tez-tez takrorlanuvchi turli xil xato va gunoh ishlarning kafforatiga qul ozod qilishni buyurdi. Masalan, qasamni buzish, farz ro'zasini bilib turib buzish kabilar. Payg'ambarimiz (s.a.v.) “Kim bir mo'min qulni ozod qilsa, Alloh taolo uning har bir a'zosi uchun buning a'zolarini do'zaxdan ozod qiladi”, deb marhamat qildilar.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, odam savdosining har qanday ko'rinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv va o'zaro hamkorlikka asoslansagina yaxshi samara berishi mumkin.
Zero, odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini g'ayriqonuniy va g'ayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi, yo'qqa chiqarilishi – og'ir jinoyat va katta gunohdir!

Surxondaryo viloyat sudining devonxona katta konsulьtanti M.M.Mamatqoriyev

 

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
8 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?