Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Aliment undirilishi haqidagi nizolarning sudlar tomonidan ko'rib chiqilishi va tartibi haqida
Qonunlar / 2024-04-23
Ota-onalarning voyaga yetmagan o'z bolalariga. Ya'ni 18 yoshga to'lmagan bolalariga ta'minot berish majburiyati bolalar to'g'risida g'amxo'rlik qilish shakllaridan biri bo'lib, bu ota-onaning konstitutsiyaviy majburiyatlari darajasiga ko'tarilgan (O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 64-moddasi).
Ota-onaning faqat voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish majburiyati birinchi navbatda, ota-onaning o'z bolalarini moddiy jihatdan ta'minlash majburiyatini anglatadi. Bu majburiyat bolani zarur oziq-ovqat maxsulotlari, kiyim-kechak, bo'sh vaqtlarda va dam olish paytlarida bolani uning uchun zarar bo'lgan ashyolar bilan ta'minlashda o'z ifodasini topadi.
Oila kodeksida voyaga yetmagan bolalarga ta'minot berishning tartibi va shakli ota-onalar tomonidan mustaqil ravishda belgilanishi nazarda tutilgan. Chunonchi, ota-ona faqat bir kishining ish haqini voyaga yetmagan bolaning (bolalarning) ta'minotiga sarflash to'g'risida o'zaro nikoh shartnomasida kelishib olishlari mumkin-ota-ona bola ehtiyoji uchun ajratiladigan mablag' miqdorini, shuningdek, bu mablag' qay tarzda berilishini, ya'ni zaruratga qarab yoki boshqa shartlar asosida berib turilishini ham mustaqil ravishda belgilaydi.
Basharti, ota-ona ulardan biri voyaga yetmagan bolalarning ta'minotiga doir majburiyatni bajarmasa, zarur mablag'ni sud tartibida undirib olishga yo'l qo'yiladi.
Aliment olish huquqiga ega bo'lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so'ng qancha muddat o'tganidan qat'i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to'g'risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.
Agar ta'minot uchun mablag' olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko'rilganligi, ammo aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning uni to'lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o'tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
Alimentni o'z vaqtida to'lamaganlik uchun javobgarlik
Aliment to'lash to'g'risidagi kelishuvga muvofiq aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan bo'lsa, aybdor shaxs ushbu kelishuvda belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.
Sudning hal qiluv qaroriga ko'ra aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan bo'lsa, aybdor shaxs kechiktirilgan har bir kun uchun to'lanmay qolgan aliment summasining o'ndan bir foizi miqdorida aliment oluvchiga neustoyka to'laydi.
Aliment oluvchi aliment o'z vaqtida to'lanmaganligida aybdor aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsdan aliment to'lash majburiyatlarini o'z vaqtida bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan barcha zararlarning neustoyka bilan qoplanmagan qismini undirishga ham haqlidir.
Aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot ma'muriyati aliment to'lash to'g'risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsga ish haqi to'langan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, 3 kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga aliment to'lashi yoki aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning hisobidan unga o'tkazishi shart.
Aliment qarzi aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan undiriladi.
Ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli bo'lmaganda, aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag'idan, tijorat va tijoratchi bo'lmagan tashkilotlarga shartnoma asosida o'tkazilgan pul mablag'idan undiriladi, mulk huquqining o'tishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno. Bu mablag' yetarli bo'lmaganda undirish aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning qonun bo'yicha undirish qaratilishi mumkin bo'lgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.
Aliment to'lash to'g'risidagi kelishuv yoki ijro varaqasi asosida o'tgan davrdagi aliment qarzi ijro varaqasi yoki aliment to'lash to'g'risidagi kelishuv aliment undirish uchun taqdim qilingunga qadar o'tgan uch yildan ortiq bo'lmagan muddat uchun undiriladi.
Agar aliment aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning aybi bilan undirilmagan bo'lsa, alimentlar uch yillik muddatdan qat'i nazar, o'tgan barcha vaqt uchun undiriladi.
Aliyent qarzining miqdorini belgilash
Aliment qarzining miqdori davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to'lash to'g'risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Voyaga yetmagan bolalarga to'lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi.
Agar aliment to'lashi shart bo'lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo'lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo'lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O'zbekiston Respublikasidagi o'rtacha oylik ish haqi miqdori bo'yicha hisoblab chiqiladi. Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa e'tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan to'lanadigan qat'iy summasini belgilashi mumkin.
Taraflar o'rtasidagi kelishuvga muvofiq aliment qarzini to'lashdan ozod qilish yoki uni kamaytirishga taraflarning o'zaro roziligi bo'lgandagina yo'l qo'yiladi, voyaga yetmagan bolalarga aliment to'lanadigan hollar bundan mustasno.
Agar sud aliment to'lashi shart bo'lgan shaxs kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga ko'ra aliment to'lamaganligini aniqlasa hamda uning moddiy va oilaviy ahvoli yig'ilgan aliment qarzni to'lashga imkon bermaydi deb topsa, aliment to'lovchining da'vosiga binoan uni aliment qarzlarini to'lashdan to'la yoki qisman ozod etishga haqlidir.
Aliment to'lashi shart bo'lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o'zi ta'minot berishi lozim bo'lgan aliment oluvchilar bilan aliment to'lash to'g'risida kelishuv tuzishi shart.
Aliment to'lash to'g'risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to'lanadigan qat'iy summada belgilanishi va alimentni bir yo'la to'lash to'g'risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to'lash to'g'risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Voyaga yetmagan bolalar ta'minoti uchun alimentlar oldindan to'langan yoki aliment to'lash majburiyatini ta'minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo'lsa, shaxs aliment to'lash to'g'risida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi.
Alimentlarni oldindan to'lash, shuningdek aliment to'lash majburiyatini ta'minlash bo'yicha garov shartnomasini tuzish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Alimentlar summasini oldindan to'lash yoki alimentlar to'lash majburiyatini ta'minlash bo'yicha garov taqdim etish faqat qarzdorning aliment to'lovlaridan qarzdorligi mavjud bo'lmaganda amalga oshiriladi.
Alimentlarni oldindan to'lash oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadga nisbatan ulushlar hisobida belgilangan bo'lsa, oldindan to'langan alimentlar uchun keyingi davrlarda aliment to'lovchining oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadi ko'payishi natijasida vujudga keladigan qo'shimcha aliment to'lovlarini to'lashdan ozod qilmaydi.
Alimentlarni oldindan to'lash yoki aliment to'lash majburiyatini ta'minlash uchun garov shartnomasining tuzilishi davlat ijrochisi yoki sud tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ilgari belgilangan O'zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni olib tashlash uchun asos hisoblanadi.
Aliment miqdori sud tartibida belgilanganidan keyin taraflardan birining moddiy yoki oilaviy ahvoli o'zgarsa, sud ulardan har birining talabiga ko'ra alimentning belgilangan miqdorini o'zgartirishga yoki aliment to'lashi shart bo'lgan shaxsni aliment to'lashdan ozod qilishga haqli.
Aliment miqdorini o'zgartirishda yoki uni to'lashdan ozod qilishda sud taraflarning e'tiborga loyiq boshqa manfaatlarini hisobga olishga haqli.
Aliment to'lash to'g'risidagi kelishuvda belgilangan aliment majburiyatlari taraflardan birining o'limi, mazkur kelishuv muddatining o'tishi yoki unda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko'ra tugaydi.
Ijro hujjatlarining alimentlar undirish haqidagi talablari darhol ijro etiladi.
Ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatning o'tganligi majburiy ijro etish choralarini qo'llash uchun asos bo'ladi.
Basharti, ota-onaning har ikkisi o'zining voyaga yetmagan bolasiga ta'minotni ixtiyoriy ravishda bermayotgan bo'lsa, vasiylik va homiylik idoralari ota-onaning har ikkisiga nisbatan da'vo qo'zg'atish huquqiga ega.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlashni joiz deb bilamanki, davlatimizda keng ko'lamli islohotlar davom etayotgan bir paytda davlat siyosatining asosiy yo'nalishlaridan biri barkamol va sog'lom avlodni tarbiyalash va ta'lim berish ekan bunda, har bir ota-ona o'z farzandi oldidagi burchini lozim darajada bajarishi maqsadga muvofiq. Zero, bu borada ota-onaning mas'uliyatini oshirish davr talabi bo'lib qolaveradi. Xalqimiz, bola tarbiyasini doim muqaddas deb biladi.
 
 
 
 
 
SURXONDARYo VILOYaT SUDI JINOYaT 
IShLARI BO'YIChA SUDLOV HAYЪATI 
ARXIV MUDIRI 
TILOVOV ERKIN XASANOVICh
 
 
 

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
4 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?