Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Odam savdosi jinoyatlari
Qonunlar / 2024-03-28

Dunyo miqyosida har yili 600 mingdan 800 ming nafargacha ayollar va bolalar aldov yo'li bilan chet ellarga olib ketib sotiladi.
Hozirgi kunda odam savdosi davr muammosiga aylanib borayotgani barchamizga ma'lum. Odam savdosi bugunga kelib global xavfsizlik, jamiyat barqarorligi hamda jahon hamjamiyatiga tahdid solayotgan jinoyat, deb baholanmoqda. U o'zining xavfsizlik darajasi bo'yicha noqonuniy qurol-yarog' sotish hamda narkobiznes kabi transmilliy jinoyatlar bilan bir qatorga qo'yilmoqda.
Xalqaro migratsiya tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, odam savdosi bilan shug'ullanuvchi jinoiy guruhlar odamlarni nafaqat jinsiy yoki mehnat ekspluatatsiyasi uchun, balki ularning ichki organlarini transplantatsiya qilish, narkotik moddalarni tarqatish, boshqa turdagi jinoyatlar sodir etish uchun ham yollab, majburlanmoqda. Xalqaro ekspertlarning ma'lumot berishicha, har yili dunyo miqyosida 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanadi. Ushbu jinoyatchilikdan tushayotgan noqonuniy daromad esa 7 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi.
Dunyo miqyosida har yili 600 mingdan 800 ming nafargacha ayollar va bolalar aldov yo'li bilan chet ellarga olib ketib sotiladi. Ayniqsa, odam savdosidan jabrlanganlarning 80 foizini ayollar yoki yosh bolalar tashkil etayotgani ayanchli holatdir. Odam savdosi inson, uning sha'ni, qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid solayotgan eng katta muammolardan sanaladi. Bu savdo jamiyat taraqqiyoti va davlat rivojiga jiddiy xavf tug'dirayotgan, o'z domiga asosan ayollarni va yoshlarni tortayotgan jinoyatchilikning xavfli ko'rinishlaridan biriga aylanib bormoqda. Odam savdosi bugungi kunda har qachongiga qaraganda ham chuqurroq avj olib borayotgani, butun dunyoda insonlarni kamsitish, ularning huquqlarini tan olmaslik darajalari ortishi insonlarni sarosimaga solmoqda. Odam savdosi jinoyati qullikning zamonaviy shakli bo'lib, qul savdosining yangi ko'rinishi hisoblanadi.
Odam savdosi jamiyatning moddiy, texnik, intellektual salohiyatini pasaytiradi, uning genefondini buzadi. Undan saqlanmoq, odamlarni ogohlikka chaqirmoq jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Zero, odam savdosi hudud, chegara, millat tanlamaydigan mudhish jinoyatdir.
Insonlarning odam savdosi qurboni bo'lib qolishi asosiy sabablarini tahlil qilganimizda quyidagilar o'z tasdig'ini topmoqda:
– Insonlar o'z huquqlarini, milliy va xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarni bilmasligi, mustaqil va erkin fikr yurita olmasligi.
– Dunyoda ishsizlar sonining oshib borayotganligi.
– Tez va oson mo'may daromad topish ilinji.
Odam savdosiga qarshi kurashishda birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tegishli idoralar tomonidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar kamlik qiladi. Shuning uchun barcha fuqarolar birgalikda kurashishi kerak.
Hozirda dunyo manzarasiga nazar soladigan bo'lsak, oddiy, soddadil, halol mehnat qilib farzandlarini boqish maqsadida ishsiz qolgan kimsalarni o'z to'riga ilintirib, oldindan ko'p miqdorda pul va'da qilib, erkin bir insonni qullikka mahkum qilayotgan odamfurushlar jamiyatimiz rivojiga putur yetkazmoqda.


Surxondaryo viloyat sudi
jinoyat ishlari bo'yicha
sudlov hay'ati sudьyasi
Ergashev Otabek Akbutayevich

 

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
4 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?