Ayollar sodir etadigan jinoyatlarning oldini olish jinoyatchilik tizimiga kiruvchi boshqa jinoyatlardan ajratilgan holda amalga oshirilishi aslo mumkin emas. Ayollar jinoyatchiligining oldini olishda zarur bo'lgan shart-sharoit jamiyat hayotidagi mavjud muammolarni bartaraf etish bilan yonma-yon amalga oshirilmog'i lozim.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston davlat mustaqilligiga erishganidan so'ng ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy yo'nalishlardagi davlat siyosati mazmun hamda mohiyatiga ko'ra tubdan o'zgardi. Davlat siyosatida bosh omil inson huquqi va erkinlarini to'liq ta'minlashga qaratildi. Shu bilan bog'liq holda amalga oshirilgan sud-huquq tizimidagi islohotlar va ayniqsa, jinoiy jazolarni erkinlashtirish, davlatning jinoiy-huquqiy yo'nalishdagi siyosatining mohiyati ham avvalo shaxs erkinliklarini ta'minlashga qaratilganligi bilan e'tiborga molikdir. Aynan shu siyosat tufayli ayrim toifadagi jinoyatchilar, shu jum¬ladan,
xotin-qizlarga ham jazo tayinlashda butunlay insonparvarlik ruhidagi ta'sir choralarini belgilash joriy qilindi. Eng muhimi, bozor munosabatlariga tayangan holda fuqarolik jamiyatiga o'tish birinchi navbatda ayollar huquqini ta'minlash va ijtimoiy jihatdan rolini oshirish yangi jamiyat qurishdagi asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilanadi. Shundan kelib chiqqan holda ayollar jinoyatchiligining oldini olishdagi barcha profilaktika chora-tadbirlari qonunchilikdagi yangi talablar asosida qayta ko'rib chiqilmog'i va ilmiy-nazariy jihatdan asoslantirilmog'i lozim.
Aytish mumkinki, ayollar jinoyatchiligining oldini olish o'ziga xos g'oyaviy va ma'naviy ahamiyatga ham ega. Ayollarning ijtimoiy muhofazasini ta'minlash oilani ham ma'naviy, ham moddiy jihatdan sog'lomlashtirish va yangi avlodni tarbiyalashni talab darajasida bo'lishini ta'minlaydi.
Ayollar jinoyat sodir etishining oldini olish uchun uning shakllanishiga salbiy ta'sir etuvchi omillarni aniqlash lozim. Bunday omillar esa asosan maishiy turmush va ishlab chiqarishda yuzaga keladi.
To'g'ri, jamiyatda ma'lum bir vazifaning bajarilishini ta'minlash uchun unga zarur muhit yaratish lozim. Shunday ekan, ayollar jinoyatlariga yo'l qo'ymaslik uchun ishlab chiqarish, dam olish, oilaviy yo'nalishlarda uchraydigan muammolarni yechish katta ahamiyatga ega. Ularni yechmay turib ayollar jinoyatchiligining oldini olishda ijobiy natijalarga erishib bo'lmaydi.
Ma'lumki, maishiy hayotda alohida e'tiborga molik muammo oilani har tomonlama ta'minlash. Aynan oilani mustahkamlash ayollar sodir etadigan juda ko'p jinoyatlarning oldini olishdagi birinchi qadamdir. Oilada ko'rsatiladigan moliyaviy va moddiy yordamdan tashqari yana bir qator qulayliklar ham yaratilishi kerak. Jumladan, bola tarbiyasi uchun vaqt ajratish, zarur hollarda tibbiy, maishiy-madaniy va boshqa yordamlarni ko'rsatish, shuningdek, yolg'iz onalarga ijtimoiy imtiyozlar berish lozim. Zotan mam¬lakatimizda ko'p bolali (uch va undan ortiq) oilalar ko'pchilikni tashkil etadi. Hozirgi bozor munosabatlari qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda bunday oilalarning yetarli daromadga ega bo'lishini ta'minlash kerak. Bu esa oilaning moddiy ta'minotini yaxshilash va ayniqsa, bola tarbiyasi uchun zarur sharoitni yuzaga keltiradi.
Gap oila xususida borar ekan, aynan oilada qiz bolaning tarbiyasiga alohida e'tibor qaratish lozimligini e'tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Qizlarni yoshlikdan latofatli, iffatli qilib tarbiyalash, ayollik xususiyatlarini shakllantirishga erishish darkor. Zotan, erkaklarga xos sifatlarning qiz bola tomonidan egallanishi, ularda rahmsizlik, shafqatsizlik kabi xislatlarning shakllanishiga olib keladi. Qiz bolalarning nazoratsiz, oiladan tashqarida bo'lishi, tasodifan ko'cha bolasiga aylanishi yoki ular safiga qo'shilib qolishi ayniqsa xavflidir .
Bu holat kriminogen vaziyatlarning avj olishiga olib keladi. Aynan shunday holatlarda yosh qizlarni alohida maxsus internat, maktab yoki boshqa tarbiya muassasalariga joylashtirish, vasiy tayinlash hamda o'quv yurtlariga joylashtirish, zarur holatlarda tibbiy yordam ko'rsatish maqsadga muvofiqdir.
Ta'kidlash joizki, bunday yordamga juda ko'p yolg'iz qolgan qizlar muhtojlik sezadi. Voyaga yetmagan va ko'cha bolalariga qo'shilib qolgan yosh qizlar bo'yicha olib borilgan tadqiqotlardan ma'lum bo'lishicha, aksariyat yoshlarda turli ruhiy va jinsiy xastaliklar mavjud. Tabiiyki, bu xastaliklarni to'liq davolamay turib, ularni to'g'ri yo'lga solish murakkab kechadi.
Voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularga zarur shart-sharoit yaratish bilan birga ularning faoliyatlari ustida qat'iy nazorat o'rnatish (ichki ishlar organlari, mahalliy organlar, maorif va tibbiy xodimlar hamda jamoatchilik faollari tomonidan) katta ahamiyatga ega.
Nazorat ishlari esa aniq maqsadlarga qaratilishi va cheklovchi yoki taqiqlovchi xususiyatlarga ega bo'lishi hamda yosh qizlarning ijtimoiy ko'nikmalardan chetga chiqmasligini, zararli muloqotlardan himoya qilishi, behuda vaqt o'tkazishi kabilarga yo'l qo'yilmasligini ta'minlashi zarur.
Ayollar jinoyatchiligini bartaraf etishda faqat ularning ijtimoiy, iqtisodiy muammolarini yechish bilan cheklanmay, erkaklar (ayniqsa, oilali) orasida ham ma'lum bir tarbiyaviy ishlarni olib borish lozim. Erkaklarning va umuman aholining moddiy ta'minotini oshirish, o'z navbatida, ayollarning turmush tarzidagi ayrim salbiy illatlarning oldini olishga yordam beradi. Ya'ni, yuqorida aytib o'tilganidek, ayollarni jismoniy og'ir va uzoq muddatli ish jarayoniga jalb etishni kamaytiradi. Masalani yechimi ishlab chiqarishdagi ish sharoitini zamonaviy texnik vositalar orqali qayta jihozlash, qulay mehnat sharoitini yaratish va eng muhimi, imkon darajasida ayolning fiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda mehnatni tashkil etishdan (ergonomika) iboratdir. Umuman olganda, ayollarning mehnatini yengillashtirishga qaratilgan ijtimoiy dastur ishlab chiqilishi va amalga kiritilishi muhim muammolarning yechilishiga imkon yaratadi.
Maqolani tayyorlashda internet ma'lumotlaridan foydalanildi.
Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov
hay'ati sudьya katta yordamchisi J.Mamataliyev
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025