Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA
Qonunlar / 2023-03-29

Konstitusiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

 

KONSTITUSIYaNING ASOSIY YaNGILIKLARI

 

Konstitusiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

 

 

Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi

Tariximizda ilk bora O‘zbekiston ijtimoiy davlat,
deb belgilanmoqda.
Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanayapti.

Konstitusiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitusiyadagi normalar
3 barobar ko‘paytirilyapti.

Xususan, Konstitusiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Ma’lumot uchun: o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, bu yil
90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga etkazish ustida ishlanmoqda.

Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.

Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.

Ma’lumot uchun: joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olinadi.

Ko‘p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar10 tadan 20 tagacha, dorilar64 tadan 90 taga oshiriladi.

 

 

 

Konstitusiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaymoqda

Birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.

Bulardan tashqari, har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli etkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi qayd etilmoqda.

Konstitusiyada aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etilmoqda. Mazkur norma to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qoida bo‘lib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.

Qolaversa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi mustahkamlanmoqda, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilanmoqda. Bu qoidalarning Konstitusiyada belgilanishi jinoiy ta’qib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishini oldini olishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim norma – agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanmoqda. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi ham tarixda ilk bor konstitusiyaviy mustahkamlanmoqda.

Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyaptiki, bularning hammasi mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni o‘z orzu-umidlaridan voz kechishga majbur qilgan noinsoniy taqiqlarga chek qo‘yadi.

Konstitusiyada har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlanmoqda.

Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga egaligi, har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Endilikda mazkur konstitusiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy norma sifatida mustahkamlanmoqdaki, bu “propiska” tizimi muammosiga ham barham beradi.

Loyihada davlatning fuqarolarga Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlanmoqda. Zero, O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 2016 yilda 12,1 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib ikki barobarga, ya’ni 24 mlndan oshdi, shuningdek, mamlakatimiz aholi yashash maskanlari hududining Internet tarmog‘i bilan qamrovi 2016 yildagi 28% dan 2022 yilda 98% ga etgan.

 

Inson farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilinadi, parlamentarizmni kuchaytirish sari dadil qadam qo‘yiladi

Yangilanayotgan Konstitusiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.

Parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanmoqda.

Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘paymoqda.

Hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish, Davlat byudjeti ijrosiga oid masalalar Qonunchilik palatasining vakolatiga, hududlar manfaati va ularni rivojlantirish, yangi vazirliklar tashkil qilish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlash masalalari esa Senat vakolatlari doirasiga taalluqli ekanligi mustahkamlanishi shular jumlasidandir.

Senat oldiga qo‘yilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, uni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish bo‘yicha normalar Konstitusiyada ko‘zda tutilmoqda. Xususan, senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirish, bunda har bir hududdan teng ravishda 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilishi belgilanmoqda.

Parlamentning quyi palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar Senatda 60 kun ichida ko‘rib chiqilishi, muddat o‘tib ketsa, ushbu qonun ma’qullangan deb hisoblanishi va imzolash uchun Prezidentga yuborish bo‘yicha norma kiritilmoqda.

 

Parlamentning sud va nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kuchaytirilmoqda

Yangi Konstitusiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organi va respublika monopoliyaga qarshi organi rahbarlari Senat tomonidan saylanishi amaliyotini joriy etish taklif etildi.

Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod Senat bilan maslahatlashuvlardan so‘ng Prezident tomonidan lavozimga tayinlanishi belgilanmoqda.

Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitusiyada alohida mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilmoqda.

Ayrim oliy mansabdor shaxslarning lavozimga saylanish yoki tayinlanish muddatlari bo‘yicha cheklovlar belgilanadi.

Senat Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri, Oliy sud
va Sudyalar oliy kengashi raislari, ularning o‘rinbosarlari,
Bosh prokuror, Markaziy saylov komissiyasi raisi, hokimlarni lavozimga ikki muddatdan ortiq saylash yoki tayinlashga cheklov kiritilmoqda.

Konstitusiyaviy sud sudyalarini qayta saylanish huquqisiz 10 yilga saylash tartibi belgilanmoqda (hozirda birinchi marta 5 yilga, keyin yana 10 yilga saylanadi).

Konstitusiyaga advokatura institutiga bag‘ishlangan va advokatlar faoliyatining kafolatlarini mustahkamlovchi alohida bob kiritilmoqda. Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasi bo‘lishi va qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlanmoqda.

Vazirlar Mahkamasining vakolatlari va funksiyalari, uning javobgarligi sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, qulay investisiya muhitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, aholini, shu jumladan, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklar hamda biologik xilma-xillikni saqlash va boshqa sohalarda o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish uchun mas’ulligi kengaytirildi. Bundan tashqari, Hukumat zimmasiga ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash vazifalari yuklatildi.

 

Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich bekor qilinadi

Mahalliy ijro etuvchi va vakillik hokimiyatining bo‘linishi mamlakatda butun davlat boshqaruvi tizimini chuqur isloh qilish uchun asos bo‘ladi. Shu asosda, mahalliy Kengash raisi bilan hokim lavozimini bir-biridan ajratish amalga oshiriladi.

 

Barcha masalalar echimi chinakam xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasiga tushiriladi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qo‘yilmoqda. Konstitusiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi mahallalarga o‘z hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholi farovonligini ta’minlashga muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.

 

Ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etilmoqda

Xususan, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda. Ushbu norma jurnalistlarning erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda mamlakatimizda axborot erkinligini  yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Pirovardida, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga va so‘z erkinligini ta’minlashga erishiladi.

Shuningdek, Konstitusiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda.

Konstitusiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

 

Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman sudining devonxona mudiri

ZUBAYDULLAEV qUVONDIQ RUZIMAMAT O‘G‘LI

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
9 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?