Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Referendum – bevosita demokratiyaning muhim instituti
Qonunlar / 2023-03-29

Referendum – bevosita demokratiyaning muhim instituti bo‘lib, umumdavlat hamda har bir fuqaro uchun muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilinishida jamiyatning qatnashishini ta’minlaydi. Referendum umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilish shaklidir. Referendumning saylovlardan asosiy farqi shundaki, referendum o‘tkazilayotganda biron bir lavozimga nomzod uchun ovoz berilmaydi, balki muayyan qonun, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish, mamlakatning xalqaro maqomiga taaluqli yoki ichki siyosatiga tegishli bo‘lgan masala yuzasidan o‘tkaziladi. Referendum o‘tkazilish jarayonining qoida va shartlari har bir davlatning konstitutsiyasi va qonunchiligi tomonidan belgilanadi.

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining referendumi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarini qabul qilish maqsadida jamiyat va davlatning eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarining umumxalq ovoz berishidir. Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi va faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Referendum O‘zbekiston Respublikasining butun hududida o‘tkaziladi. Referendumni o‘tkazish tashabbusi bilan: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenta chiqishi mumkin. Referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan, ya’ni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari umumiy sonining kamida 5 foizini tashkil etgan fuqarolar imzosi to‘plangan bo‘lsa; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari a’zolarining uchdan ikki qismining ovozi bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining asoslantirilgan talabi bilan referendum o‘tkazilishi mumkin.

Quyidagi masalalar referendum predmeti bo‘lishi mumkin emas: O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish; O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti va soliqlar; amnistiya va afv etish; jamoat tartibini, aholi sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar o‘tkazish; O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish; mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish. Referendum yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi tarixida birinchi marta 1991 yil 29 dekabrda referendum bo‘lib o‘tgan. Bu referendumda „O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida“ O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 31 avgustdagi Konstitutsiyaviy qonuni to‘g‘ri qabul qilinganligini O‘zbekiston xalqi bir ovozdan ma’qulladi. 2002 yil 27 yanvarda O‘zbekiston Respublikasida 2 palatalik parlamentni shakllantirish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga o‘zgartirishga bag‘ishlangan referendum bo‘lib o‘tdi. Navbatdagi referendum esa 2023 yilning 30 aprelida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, referendum O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini qabul qilish maqsadida o‘tkaziladi.

Yurtimiz tarixida o‘tkazilib kelinayotgan bunday referendumlar O‘zbekistonimizda demokratiya mustahkamlanib borayotganligining yaqqol ifodasidir.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman sudining raisi  K.Nazarov

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
5 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?