Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Олтинсой тумани ҳокимлиги
Inson huquqlari nima?
Қонунлар / 2023-03-24

Inson huquqlari - har bir insonning millati, yashash joyi, jinsi, etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili va boshqa belgilaridan qat'i nazar, ajralmas huquqlaridir. Barcha odamlar har qanday turdagi kamsitishlarni istisno qilgan holda, inson huquqlaridan bir xilda foydalanish huquqiga egadirlar. Ushbu huquqlar o'zaro bog'liq va ajralmasdir.
Insonning umumbashariy huquqlari ko'pincha shartnomalar, xalqaro odat huquqi, huquqning umumiy printsiplari va xalqaro huquqning boshqa manbalarida qonun ko'rinishida mustahkamlangan va kafolatlangan. Inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquq davlatlarga inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rivojlantirish hamda himoya qilish bo'yicha majburiyatlarni yuklaydi.
Universallik va ajralmaslik
Inson huquqlarining universalligi printsipi – xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi asosidir. Bu printsip 1948 yilda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul qilinishi bilan birinchi marotaba muhim ahamiyat kasb etgan va doimiy ravishda inson huquqlari sohasiga oid ko'plab xalqaro konventsiyalar, deklaratsiyalar va rezolyutsiyalarda namoyon bo'lgan. Masalan, 1993 yilda Venada bo'lib o'tgan inson huquqlari bo'yicha Butunjahon konferentsiyasida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag'batlantirish va himoya qilish, davlatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy tizimiga bog'liq emasligi ta'kidlandi.
Har bir davlat kamida inson huquqlari bo'yicha bitta asosiy shartnomani ratifikatsiya qildi, 80% davlatlar to'rt va undan ortiq shartnomalarni ratifikatsiya qildi. Bu esa ushbu sohada davlatlar o'rtasidagi umumiy kelishuvni aks ettiradi, ularga huquqiy majburiyatlarni yuklaydi va universallik printsipini tasdiqlaydi. Inson huquqlari bo'yicha ba'zi asosiy normalar xalqaro odat huquqida mustahkamlangan.
Inson huquqlari ajralmasdir. Shaxs ulardan mahrum etilishi mumkin emas, faqat kamdan-kam hollarda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bundan mustasno. Masalan, inson sud tartibida jinoyat sodir etishda aybdor deb topilsa, uning erkinlik huquqi cheklanishi mumkin.
O'zaro bog'liqlik va bo'linmaslik
Barcha inson huquqlari bir butun bo'lib, ular o'zaro bog'liq: masalan, yashash huquqi, qonun oldida tenglik yoki so'z erkinligi kabi fuqarolik va siyosiy huquqlarmi; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar. Masalan, mehnat qilish huquqi, jamoat xavfsizligi va ta'lim, yoki rivojlanish va o'z taqdirini o'zi belgilash huquqi kabi jamoaviy huquqlar. Bir huquqni hurmat qilish, boshqa huquqlarni hurmat qilishga olib keladi. Xuddi shu tarzda, biron-bir huquqqa rioya qilmaslik, boshqa huquqlarning amalga oshirilishiga salbiy ta'sir qiladi.
Tenglik va kamsitmaslik printsipi
Kamsitmaslik printsipi – inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquqning keng qamrovli printsipidir. Ushbu printsip inson huquqlari to'g'risidagi barcha asosiy shartnomalarda mavjud va inson huquqlari bo'yicha ba'zi xalqaro konventsiyalarning markaziy mavzusidir. Masalan, irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi Konventsiya va ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi Konventsiya.
Kamsitmaslik printsipi har bir insonga qo'llaniladi va insonning barcha huquqlari va erkinliklariga, jinsi, irqi, tanasining rangi yoki boshqa xususiyatlaridan qat'i nazar, biron-bir kamsitishsiz qo'llaniladi. Kamsitmaslik printsipi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning
1-moddasida mustahkamlangan tenglik printsipi bilan to'ldirilgan: “Barcha odamlar erkin tug'iladi va qadr-qimmati hamda huquqlari bo'yicha tengdir”.
Huquq va majburiyatlar
Inson huquqlarini tan olish nafaqat ularni amalga oshirish huquqini, balki muayyan majburiyatlarni bajarishni ham anglatadi. Xalqaro huquqqa muvofiq, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilish, himoya qilish va ularni ro'yobga chiqarish majburiyatlarini o'z zimmalariga oladilar. Inson huquqlarini hurmat qilish, davlatning inson huquqlarini amalga oshirishga aralashmaslik va ularni cheklashdan tiyilishini anglatadi. Inson huquqlarini himoya qilish majburiyati davlatdan huquqbuzarliklarning oldini olishni talab qiladi. Inson huquqlarini amalga oshirilishi davlatga insonning asosiy huquqlarini to'sqinliksiz amalga oshirilishini kafolatlash majburiyatini yuklaydi. Individual darajada har bir inson boshqalarning huquqlarini hurmat qilishi kerak.

Jinoyat ishlari bo'yicha
Oltinsoy tuman sudining sudьya
yordamchisi
N.Soatov

Изоҳ қолдириш

Рўйхатдан ўтиш
2 та фойдаланувчи ҳозир сайтда
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?