Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
“VATAN TAYANCHI” HARAKATI  A’ZOLARI TANTANALI VA’DA BERISHDI

 

Bugun, 17 noyabr kuni Oltinsoy tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘ida joylashgan Amfiteatrda tumandagi umumta’lim maktablarining “Vatan tayanchi” harakati a’zolarining tantanali va’da berish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi maktablarning har biridan 20 nafardan iborat “Vatan tayanchi” harakati a’zolari bo‘lgan 10-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdilar.

 

Tadbir dastlab maydonga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i olib kirish bilan boshlandi.

 

 So‘ng Oltinsoy tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherbek Niyazov “Vatan tayanchi”harakati a’zolari bilan salomlashdi. Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i tantanali tadbirni ochiq deb e’lon qilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

 

Oltinsoy tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Sh.Niyazov tadbirda shunday dedi:

—Bugun alohida kun. Siz yoshlarning hayotingiz tarixida yangi sahifa ochiladigan lahzalar,—dedi notiq.—Sizlar hozir “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati safiga qabul qilinmoqdasizlar. Har bir maktabning 10-11-sinf o‘quvchilaridan 20 nafari vatanparvarlik harakati safiga saf tortib turibdi. Hozirgi vaqtda “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati a’zolari safiga mamlakatimiz bo‘yicha 200 maktab o‘quvchilari qo‘shilayotgani yanada quvonchlidir. “Vatan tayanchi” harakati bu o‘ziga xos vatanparvarlik maktabidir,dedi notiq o‘z ma’ruzasi yakunida.

Shundan so‘ng “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar a’zosi safdan chiqib “Tantanali va’da” matnini baland ovozda, ifodali o‘qidi.Nomzodlarning barchasi jo‘r bo‘lib uch marotaba “Va’da beramiz” deya takrorladilar.

Tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sh.Niyazov “Vatan tayanchi” harakati a’zolarini tabrikladi.

N.TEMIROV,

O.SODIQOV.

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
4 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?